- Super admin Marifat
- 2025-06-09
“BOBURNOMA”DAGI SHE’RLAR MAVZUSI VA G‘OYASI
“Tengri taoloning inoyati bilan va hazrati on Sarvari koinotning shafoati bilan va chahoryori bosafolarning himmati bilan seshanba kuni ramazon oyining beshida tarix sakkiz yuz to‘qson to‘qquzda Farg‘ona viloyatida o‘n ikki yoshta podshoh bo‘ldum”,-degan so‘zlar bilan “Boburnoma” boshlanadi. Asarda Zahiriddin Muhammad Boburning o‘n ikki yoshidan boshlab hukmdor sifatida boshidan o‘tkazganlari, xiyonatlar, ko‘rgan-kechirganlari xolis ko‘z va xolis so‘z bilan bayon qilingan.
“Boburnoma” ijodkorning o‘z boshidan kechirganlarini hasbi hol shaklida yozilgan, hayotning o‘nqir-cho‘nqirlarida taslim bo‘lmagan hukmdorning dard-u hasratlari, g‘alaba-yu mag‘lubiyatlari bayonidir. Bobur Mirzo ham nasriy, ham nazmiy usulda o‘z fikrlarini bildirgan. Ijod namunalarini ham voqealar ketma-ketligiga moslab berib boradi. Har bir satr, har bir misra voqealarga monand yaratilgan. Satrlar dildan quyilib kelgan. “Boburnoma”da juda ko‘plab g‘azal, ruboiy, qit’a, o‘zga ijodkorlar ijodlaridan namunalar, muallif o‘z fikrini isbotlash uchun dalil sifatida keltirilgan fikrlar mavjud. Biz dalil sifatida keltirilgan fikrlarni shartli ravishda hikmatli so‘zlar, deb atadik. Chunki bu hikmatli so‘zlarning muallifi keltirilmagan, izoh ham berilmagan. Ba’zi fikrlar tarixan shakllanib kelgan o‘zbek xalq maqollariga ham o‘xshab ketadi.
“Boburnoma”da muallif o‘z ijod namunalaridan keltiradi. O‘z davrida yashab ijod etgan ijodkorlarga o‘z munosabatini bildiradi. Ularning baytlaridan parchalar keltiradi. Yaratgan ijod namunasiga munosabat bildiradi. Xoh ijobiy, xoh salbiy asar bo‘lsin, aniq, oshkora munosabat bildiradi. Ijodkorning xarakter, xususiyati,e’tiqodi, mazhabiga ham e’tibor beradi.
Vahob Rahmonov yozadi: “Zahiridddin Muhammad adabiyotshunos sifatida o‘ta talabchan, hatto qattiqqo‘l. Sara badiiy yoki ilmiy asarlarga ulug‘lar beradigan baho mushtarak bo‘lib chiqadi, albatta.
Adabiyotshunos Boburning asar haqida “yomon emasdir”, degan bahosini olish ham katta yutuq. U maqtovga nisbatan–xasis, tanqid va kamchilik topishda mislsiz mohir. Uning baholash me’yori bilan Alisher Navoiynikini qiyoslasak, Navoiyda maqtov ko‘proq, tanqid ozroq. Nega bunaqa? Chunki Navoiy o‘qituvchi, alqab iste’dodlarni ulg‘aytiruvchi ustod. Bu jihatdan u Mavlono Lutfiy usulidan ko‘proq foydalanadi. Har holda tanqid qilib tarbiyalashdan ko‘ra alqab, maqtab iste’dodlarni o‘stirish ustozlar uchun ko‘proq xosdir”29-b.
Hasan Ya’qubning ushbu bayti keltirilgan:
Boz oy, ey humoy, ki betotii xatat,
Nazdik shud ki, zog‘ barad ustuxoni man.
Mazmuni:
Qaytib kelgil, ey Humoy, to‘tirang patlaringsiz,
Sal bo‘lmasa suyagimni qarg‘a olib ketgusi. 52-b.
Ushbu bayt Hasan Ya’qubning mashhur bayti, matla’ bo‘lishi mumkin. Qaytib kelgin, ey Humoy, deyilganda muallif Humo qushini nazarda tutmoqda. Lekin to‘tirang patlaringsiz deyilishining sababi nima? Sal bo‘lmasa, suyagimni qarg‘a olib ketadi. Ushbu baytdan muallif qushlar vositasida biror bir shaxsga murojaat qilayotganini anglash mumkin. Ushbu bayt g‘azalning oshiqona turiga kiradi. Yana bir savol o‘ylantiradi. Nega Humo qushi? Negaki, bu qush baxt saodat olib kelguvchi va turkiy xalqlarning ramziy qushi. Qarg‘a o‘laksaxo‘r bir qush, hatto xalqimizda qarg‘a qag‘illaganda biron yomon falokat kelishi mumkin degan qarash ham mavjud. Humo, to‘ti va qarg‘ani o‘zaro zidlash orqali tazod san’ati yuzaga kelgan bo‘lsa, ey humoy, deb nido san’atini keltiradi.
Kim koʻrubdur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshilik,
Kimki, ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma, ondin yaxshiligʻ.
Yuqorida keltirilgan Zahiriddin Muhammad Boburning “Yaxshilig‘” radifli g‘azali orifona ruhda yozilgan. Kishi marifatga erishish uchun, avvalo, o‘zini taftish qila bilmagi kerak. Shu sababdan shoirlar nazmda ijod qilayotganida o‘ziga murojat qilish, ey ko‘ngil, ey ……. degan jumlalar keltiradi. “Yaxshilig‘” radifli g‘azalni tahlil qiladigan bo‘lsak, shoir qalbi bilan gaplashayotganini, uning ranj-u alam chekayotgani uchun taskin bermoqchiligini ko‘rishimiz mumkin. U bu dunyoga kelib, insonlardan kim yaxshilik ko‘ribdiki, sen nola qilsang, sendan avval ham, sendan keyin ham bu “an’ana” davom etadi deydi. Yaxshilikni faqat Tangridan kut, chunki undan yaxshi, a’lo yo‘q, shu sabab hamma yaxshilik undandir.
Lirik janrdagi namunalar xilma xil mavzuda va xilma xil janrda. Biz tadqiqotimizda shu lirik asarlarni tahlil qilishni maqsad qildik. “Boburnoma”dagi g‘azallar quyidagi mavzularda:
Ishqiy, orifona, zulqofiyataynli va boshqa mavzulardagi ijod namunalari uchraydi. Ya’ni Bobur shoh asarida o‘z va o‘zgalar ijodidan go‘zal misralar keltiradi. Masalan, Boburning quyidagi bayti:
Charxning men ko‘rmagan javr-u jafosi qoldimu?
Xasta ko‘nglim chekmagan dard-u balosi qoldimu? 192-b.
Oshiqonalikdan ko‘ra, insonga bir qadar boshqacha ta’sir o‘tkazadi. Bu yerda go‘zal yor emas, bevafo yor ishqidan bedavo dardga chalingan Bobur yo‘q. Bayt mag‘zini chaqish uchun shoir hayotiga nazar tashlamog‘imiz darkor. Bobur 12 yoshli bola bo‘lib taxtga o‘tirdi. Qaysidir ma’noda, shu sabab undan foydalanmoqchi bo‘ldilar, boboyurti Samarqandni Shayboniyxondan saqlash uchun bir necha marta jang olib bordi, ammo boshqa temuriyzodalarning boshboshdoqligi oqibatida yosh Boburning qo‘lidan hech narsa kelmadi, hatto qamalga qolganda opasi Xonzodabegim qurbon bo‘ldi, shuncha qiyinchiliklarni yengib o‘tishda yelkadosh bo‘ladi deb umid qilgan yostiqdoshi uni tashlab ketdi, ishonch bildirgan mulozimlari xiyonat qildi. Shuncha azob va yo‘qotishlardan keyin u nola qilmoqda, bu dunyoda shunday yashadimki, men ko‘rmagan hech narsa qolmadi. Bir tarafda siyosiy voqealar, bir tarafda ijod dardi ko‘nglimni xasta qildi qildi deydi.
Baytda qoldimu so‘zi radif bo‘lib kelgan, javr-jafo, dard-u balo so‘zlari qofiyadoshlik hosil qilgan va qofiyaning tirgak tovushi (raviy) “o” harfi, jabr, jafo, dard, balo, xasta so‘zlari orqali tanosib sa’natini ifodalagan bo‘lsa, qoldimu (?) radifi orqali tajohil ul-orif (arab. bilib turib bilmaslikka olish) — mumtoz sheʼriyatda oʻxshatish usullaridan biri), g‘azal ramali musammani mahzufda, foilotun, foilotun foilotun, folilunda yoki – V — — — ruknida yozilgan.
Bobur o‘z otasi Umarshayx Mirzo haqida, tavalludi va nasl-nasabi, shakl-shamoyili, fe’l-atvori, jang va urushlari, viloyatlari, avlodi, xotinlari va kanizaklariga to‘xtalgach ushbu she’rni keltiradi:
Boz gardad ba asli xud hama chiz,
Zari sofi-yu nuqra-u arziz.
Tarjimasi:
Hammasi asliga qaytar muqarrar,
Xoh qo‘rg‘oshin, xoh kumush, xoh toza zar.50-b.
Ushbu misrani tahlil qiladigan bo‘lsak, bayt ramali musaddasi mahzufda yozilgan rukni foilotun, foilotun, foilun. Taqtesi — V — —. Muqarrar va zar so‘zlari qofiya bo‘lib, raviysi r tovushi, raviyning o‘rniga ko‘ra muqayyad qofiya, laf va nashr she’riy san’atidan foydalanilgan. Bayt ma’nosiga to‘xtaladigan bo‘lsak, nasab jihatdan Umarshayx Mirzo Amir Temurning 4-avlodi bo‘ladi. Bobur Amir Temur davridagi farovonlikni, otasi davridagi bolalik davrini yana ortiga qaytishini istaydi. Nima bo ‘lsa, zarmi, kumushmi yo boshqa, barchasini yana qaytishini xohlaydi.
Yoki yana bir mavzudagi she’rni olaylik, 1400-yillarning oxirida Xurosonda hukmdorlik qilayotgan Sulton Mahmud Mirzoning adolatsizligi, soliqlari, xalqni qiynagani va fe’l-atvoriga to‘xtalgandan so‘ng quyidagi she’r keltirilgan, ammo muallifi keltirilmagan. She’r matnini o‘zbek tiliga G‘. G‘ulom tarjima qilgan:
Hazar kuni zi dardi darunhoyi resh,
Ki reshi darun oqibat sar kanad.
Baham barmakun to tavoni dile,
Ki ohe jahone baham bar kanad.
Tarjimasi:
Dilni yaralama, ohidan cho‘chi,
Bu yara biror kun sirtga tepadi.
Birorta ko‘ngilga bermagil ozor,
Jahonni o‘rtashga bir oh yetadi. 60-bet
O‘sha davrda ijod tili, asosan, arab-fors tillari bo‘lgan (Navoiydan keyin turkiy til ham ijod tiliga aylangan). Muallifi noma’lum ushbu she’rda xalqqa Sulton Mahmud Mirzoning zulmidan norozilik aks etgan hech bir ko‘ngilni sindirma, ozor berma, chunki Alloh singan qalbdadir. Shunday insonlar borki, ular xuddi chorasizdek ko‘rinadi-yu, ammo ular barcha ohini Allohga yetkazadi. Sen yetkazar azoblaring tinchib ketmaydi, axir dengiz qanchalik chuqur bo‘lsa ham, tubidagi narsalarni bir kun yuzaga chiqaradi. Sen bitta emas, minglab dillarni ozorlasang, ular birlashsa, ularning ohi olamni tutishi mumkin. Sendan hech narsa qolmaydi u zamon deydi. She’r ruboiy tarzida yozilgan
Muallif Sulton Ahmad Mirzoning Oysha sultonbegim nomli qiziga uylangani haqida yoza turib, “Bu fursatlarda bir o‘rda bozori boshlig‘ining o‘g‘li bor edi-Boburiy ismli, oti ham ajab munosib tushib erdi. She’r:
Men anga g‘arib mayl paydo qildim,
Balki anga o‘zni zor-u shaydo qildim”
deya yozadi. O‘sha paytlarda forsiyda yozgan baytini ham keltiradi:
Ushbu misra orqali shoir o‘zini bir qizga emas, go‘yo muhabbatga mayl bildirganini, ammo mashuqa uni qadrlamadi va u men qalbimda ishq paydo qilmadim, balki o‘zimni bevafoga zor-u shaydo qildim deydi.
She’rda qildim so‘zi radif bo‘lib kelgan, paydo, shaydo so‘zlari esa qofiyani aks etgan, “o” tovushi raviy va raviyning o‘rniga ko‘ra muqayyad qofiya. Baytda tanosub she’riy san’atidan foydalanilgan. Quyida ham xuddi shu mazmundagi forsiyda yozilgan boshqa bir baytni keltirib o‘tadi.
Hech kas chun man xarob-u oshiq-u rasvo mabod,
Hech mahbube chu tu berahm-u beparvo mabod.
Mazmuni:
Hech kim mendek xarob-oshiq-u rasvo bo‘lmag‘ay,
Hech mahbub seni kabi berahm, beparvo bo‘lmag‘ay. 98-b.
Baytda rasvo va beparvo so‘zlari qofiyadosh so‘zlar bo‘lib kelgan, radifi bo‘lmag‘ay. “O” tovushi raviy bo‘lib kelgan raviyning o‘rniga ko‘ra, muqayyad qofiya. Xarob, oshiq, rasvo va berahm va beparvo so‘zlari o‘zaro tanosib san’atini, men va sen tazod she’riy san’atini, mendek va sen kabi o‘rinlarida tashbeh she’riy san’atlarini yuzaga keltirgan. Baytning umumiy ma’nosida ham tazod (zidlantirish) yotadi.
Bayt mazmuni ham yuqoridagi misra kabi oshiqning dard-fig‘oni-yu, mashuqning unga yetkazgan jabr-u sitamlaridan shikoyat qilish ruhida yozilgan. Dunyoda faqat u va mahbubi bor yoki yolg‘iz u darddan azob chekkan-u, faqatgina uning mahbubi dilozordek. Oshiqlik holatini rasvo, xarob deb tasvirlashi bilan shoir ishq yo‘lini tutgan odam, ayniqsa Haq ishqi, bu dunyoning ne’matlari arzimasdek, oshiqning bitta o‘tinchi yor visoliga yetishish bo‘lib qoladi. Mumtoz adabiyotda asosiy ishqiy mavzudagi asarlar Haq ishqi haqida bo‘ladi. Ammo Haq ishqiga borish uchun ham qolgan ikkita ishq yo‘lini bosib o‘tish lozim bo‘ladi. O‘rta asr ijodkorlari ishqni uch bosqichga ajratadi. Birinchisi, avom ishqi, xalq orasida, insonning insonga bo‘lgan ishq. Ikkinchisi, majoziy ishq, bunda avom ishqi va haqiqiy ishq o‘rtasidagi holat, Haq ishqiga tayyorlanuv bosqichi. Uchinchisi, albatta, Tangri taolloga bo‘lgan ishq. Aslida bir g‘azalni ishqning uch bosqichi bilan ham tahlil qilish mumkin bo‘ladi.
G‘azaldan tashqari “Boburnoma”da Boburning qit’alari ham o‘rin olgan, quyida ulardan bir misol keltiramiz va tahlil qilamiz.:
Qaror-u ahd bo yor inchunin nabud maro,
Gazid hajr-u maro kard beqaror oxir.
Gazid ishvahoyi zamona chi chora sozad kas,
Bajavr kard judo yorro zi yor oxir.
Mazmuni:
Mening yor bilan qaror-u ahdim bunday emas edi.
Oxiri hajri chaqib, meni beqaror qildi.
Zamona ishvalariga kishi nima chora qiladi?
Oxirda Bajavr yordan judo qildi
Bir o‘qiganda ushbu qit’a Boburning birinchi turmush o‘rtog‘ining farzandi vafotidan keyin uni tashlab ketgandagi Boburning qiyofasi gavdalanadi. Bilamizki, nikoh muqaddas, nikoh o‘qilayotgan vaqtida domla ikki tarafga hayoti davomida bajarishi majburiyat bo‘lgan ba’zi ishlar uchun ahd qilishlarini so‘raydi. Yoridan ayrilgan Bobur ham ana shu va’dani esiga solish maqsadida, hey, sen bilan bunday kelishmagan edik-ku deydi. Sening bu ishing meni ado qildi, deb o‘pkalaydi. Keyin biroz mulohaza ham qilib ko‘radi, vaziyat qanday edi? Qamal, tinimsiz ko‘chishlar hammaning tinka-madorini quritgan edi. Bunday vaqtda ham kimning ham chidashi dargumon edi. Men qanday qilib sendan gina qilay, sen ham bir banda, ayol edingki, sening ham yashashdan orzu-havaslaring bor edi. Seni mendan judo qilgan narsa bu sening sabrsizliging emas, zamona zayli edi deb yana yorni oqlab ham qo‘yadi. Qit’ada tanosub she’riyu san’atidan keng foydalanilgan.
Bayt, ijod va san’atning murakkabligini, shuningdek, muallifning mulohazalarini aks ettiradi. Muallif, Abdulloh ijodini yuqori baholagan holda, boshqa shoirlarni kamsitish orqali adabiyotdagi raqobat va o‘z-o‘zini ishonch bilan tuzatishi mumkinligini ko‘rsatadi. Bu bayt, shoirlarning ijodiy muvaffaqiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirlarni va adabiyotdagi haqiqiy go‘zallikni izlash jarayonida yuzaga keladigan murakkabliklarni insoniyat madaniyatida birlashadigan bir o‘zgarish sifatida ta’kidlaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Boburning memuar asaridagi she’rlar faqatgina bir mavzu bilan cheklanib qolmagan. Yuqorida bunga birqancha misollarni “Boburnomadan” keltirgan holda isbotlashga urinilgan, tahlil davomida faqatgina Boburning ijodidan emas, balki asarga kiritilgan boshqa ijodkorlar ijodidan ham namunalar keltirib o‘tdik. Asardagi she’rlar orifona, insonni o‘zini va o‘zgani tushunishga yordam beradigan she’r keltirilgan. She’rda shoir, asosan, o‘z ko‘ngli bilan tillashadi. Bundan boshqa, ishqiy mavzudagi misralarni ham ko‘rishimiz mumkin, zotan mumtoz she’riyatni ishqiy mavzusiz tasavvur qilmoq mushkuldur. Ijtimoiy mavzudagi she’rlarga esa muallifi noma’lum bo‘lgan, Sulton Mahmud Mirzoning soliqlarni oshirishi oqibatida xalqqa yetkazgan zulmi, ijtimoiy tengsizlikdan ezilgan jamiyat vakilining oh-fig‘onlari aks etgan misrani olishimiz mumkin. Va nihoyat, ayriliq mavzusidagi bayt sifatida, Boburning yostiqdoshi uni tashlab ketgandagi holatini ifodolovchi yuqoridagi qit’ani misol tariqasida keltirishimiz mumkin. “Boburnoma”dagi misralarning e’tiborga molik tomoni mavzularning keng qamrovli ekanligida. Badiiy tasvirlardan mohirona foydalana olganligida va faqat bir janr emas, mumtoz adabiyotning baracha imkoniyatlaridan foydalangan holda nodir durdonalar yarata olganligidadir.
Maftuna Omonkeldiyeva