NUKUS SHAHRIDA "O‘ZBEKISTON QAHRAMONLARI" KITOBI TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar doirasida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda bir guruh O‘zbekiston qahramonlari va ularning oila-a'zolari, ma’naviyat fidoyilari, olimlar, ziyolilar hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov ochib berar ekan, Qoraqalpoq zaminidan yetishib chiqqan Musa Yerniyazov, Ibragim Yusupov, To‘lepbergen Qayipbergenov singari turli sohalarda faoliyat yuritib kelayotgan 8 nafar yurt qahramonlarining Vatan ravnaqi, el farovonligi, farzandlar tarbiyasi yo‘lida baxshida bo‘lgan sharafli umr yo‘llari haqida birma bir to‘xtalib, qahramonlar va ularning oila-a'zolariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Taqdimotda O‘zbekiston Qahramonlari — Anesya Saytova va Sersenbay Seytnazarovlar yoshlarga o‘zlarining qahramonlik hayot yo‘llari, chekkan sharafli mashaqqatlari, yutuqlari haqida so‘zlab berishdi.

Shuningdek, "Marifat" targ‘ibotchilar jamiyati a'zolari, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston xalq hofizi Mahmutjon Yo‘ldoshev, Qoraqalpog‘iston xalq jirovi Baxbergen Serenbetov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kursiya Esonova xonanda Imron va boshqalarning chiqishlari san'at ixlosmandlarini xushnud etdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobi chop etildi. Mazkur kitob-albom millatimiz qahramonlariga ehtirom sifatida yaratildi. Unda Vatanimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib, “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni hamda “Oltin Yulduz” medali bilan taqdirlangan bir yuz uch nafar yurtdoshimizning ibratli hayoti va faoliyati haqida hikoya qilinadi.

Mehnatdagi yuksak natijalari bilan yurtda alohida e’tibor qozongan insonlarni munosib taqdirlash maqsadida 1994-yil 5-mayda O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan “O‘zbekistan Qahramoni” unvoni belgilandi va oliy nishon – “Oltin Yulduz” medali ta’sis etildi. Ushbu oliy darajadagi mukofot respublikamiz fuqarolariga davlat va xalq oldidagi kahramonona xizmatlari uchun beriladi.  Kitob sahifalaridan Oʼzbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesining Raisi Musa Yerniyazov, shuningdek, milliy adabiyotimiz, sanʼat va jamoat arboblari Said Аxmad, Tulepbergen Qaipbergenov, Ozod Sharafiddinov, Suyima Gʼanieva, Zikir Muhamadjanov, Ibragim Yusupov, Erkin Voxidov, Аbdulla Oripov, Malika Аbdullaxoʼjaeva, Xasan Normuradov, Lola Murotova singari Oʼzbekistonning yangi tarixida munosib iz qoldirgan bir yuz uch nafar shaxslar oʼrin olgan. Ularning ibratli hayot yoʼli, shonli mehnat faoliyati yorqin mayoq singari avlodlar qalbida mangu sharaf timsoli boʼlib qoladi!

"Ma'rifat" targ‘ibotchilar jamiyati Axborot xizmati

Ma'rifat Ziyo platformasi

BARCHA ZIYOLILARNI BIRLASHTIRIB TURUVCHI TAFAKKUR KO‘PRIGIDIR