- Super admin Marifat
- 12 Iyun, 2021
Ma'rifat tur
UCHINCHI RЕNЕSSANS – TARIXIY XOTIRANI RIVOJLANTIRISH DЕMAKDIR
Baxtiyor TURAYEV, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Bosh direktori maslahatchisi, falsafa fanlari doktori
O‘zbek xalqi 8-9 asrlarda o‘zini qayta tiklashga kirishdi. Bunda Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Imom Buxoriy, Iso Termiziy, Hakim Termiziy singari buyuk mutafakkirlarimizning roli benihoyat kattadir.
Ikkinchi uyg‘onish davri jaholatparast mug‘ul bosqinchilari qo‘li bilan yakson qilingan jafokash Vatanni qayta tiklash davri Temuriylar hukmronligi davriga to‘g‘ri keladi. Har ikkala uyg‘onish davrining asosiy harakatlantiruvchi kuchi ILM-MA’RIFAT edi. Musulmonchilikni joriy qilgan payg‘ambarimizdan sahobalar sizning sunnatingiz nimadur? Deb so‘rashganlarida:
- Ma’rifat mening sarmoyamdur, dinimning asli aqldur. Ishimning asosi muhabbatdur. Muhabbatsiz hech ish vujudga kelmas. Qurolim ilmdur, ilmsiz amalni Xudo qabul qilmas.- deb javob berganlar.
Haqiqatdan ham, Imom Buxoriy aytganlariday: Bu dunyoda najod – ilmdandur, ilmdan boshqa najod hech qachon bo‘lmag‘ay. – deb javob berganlar. Hamma narsaning kaliti, harakatlantiruvchi kuchi ilmdadir.
Ilm esa tarixiy xotirani uyg‘otuvchi kuchdir. Tarixiy xotiramiz bizga ota-bobolarimizning qadriyatlarini tug‘ri anglashimizga imkon beradi. Biz Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy jamoasi Xorazmiylar davrida qadimgi Yunon olimlarining asarlarini arab tiliga tarjima qilishganlaridek, qadimgi ota-bobolarimizning arab tilida bitilgan asarlarini, Buxoriy asarlarini, Termiziy asarlarini, Kosoniy va Keshiy asarlarini hozirgi zamon o‘zbek tiliga tarjima qilmoqdamiz.
Yaqinda Imom Moturidiyning “Ta’vilot ul Qur’on” asarining 30 juzi tarjimasini bosmadan chiqardik. Bu asar ma’rifiy islom ma’nosini to‘g‘ri tushunishga, islomning insonparvarlik, bag‘rikenlik g‘oyalarini tarannum etishga, musulmonlarni adashgan oqimlar ta’siridan himoya qilishga qaratilgan asardir. Ma’lumki, buyuk allomalarimiz yer yuzida tinchlik va osoyishtalikni asrashga, mehr-muhabbat, adolat va sahovat, insof va diyonatni taraqqiy ettirishga, musulmonlarni bir-biriga insoniy mehr-muhabbat tuyg‘usi bilan qarashga, jaholat va mutassiblikka qarshi kurashishga chorlab kelishgan.
Umid qilamizki, bu asarlar xalqimizning tarixiy xotirasini jonlantirishga, rivojlantirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Kelajakda yoshlarimiz bunyod qiladiga uchinchi renessansning poydevori ana shu tarixiy xotiramizni uyg‘otishda, xalqimizni hamjihatlik bilan o‘zining porloq kelajagini bunyod qilishga yo‘ngaltirishdadir.
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati
Axborot xizmati