Ma'naviy dunyoqarash

Biror molni “nasiya”ga sotish yoki sotib olish, musulmon kishi tilla tish qo‘ydirishi mumkinmi – qaltis savollarga nozik javoblar

Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi direktori o‘rinbosari G‘ulomiddin XOLBOYEV javob berdi.

Savol: Hozirgi kunda “nasiya” savdo ommalashdi. Biror molni “nasiya”ga sotish yoki sotib olish mumkinmi? 

Javob: Ha, mumkin. Nasiyaga sotish (olish)da pulni to‘lash muddati aniq belgilanishi (masalan, falon oyning falon kunida pulini berasiz, deyish) lozim. Aks holda savdo fosid – buzuq bo‘ladi. Vallohu a’lam.

***

Savol: Dorixonada ishlayman. Ayrim mijozlar: “Menga falon kasalimni tuzatadigan dori bering” deydi. Menimcha, bu shirk bo‘lmoqda (Alloh asrasin). Shu kabi holatlarda qanday yo‘l tutaylik?

Javob: “Bu dori meni tuzatadi” deyish shirk hisoblanmaydi. Bunday vaziyatda dori kasallikni tuzatadigan vosita ekani nazarda tutiladi. Aslida kasalliklarni yolg‘iz Alloh taolo tuzatishini hamma biladi. Bu kabi holat Qur’oni karimda ham kelgan. Masalan, Alloh taoloning O‘zi o‘lim farishtasiga o‘ldirish fe’lini nisbat berib: “Ayting: “Sizlarga vakil qilingan o‘lim farishtasi jonlaringizni olur, so‘ngra Rabbingiz huzuriga qaytarilursiz” degan (Sajda surasi, 11-oyat).

Vaholanki, aslida o‘ldirish ham, tiriltirish ham yolg‘iz Alloh taoloning fe’li hisoblanadi. O‘lim farishtasi esa xuddi dardning tuzalishida dori kabi vositachi xolos. Vallohu a’lam.

***

Savol: Ba’zan erkaklar tilla tish qo‘ydirishi joiz emas degan gaplarni eshitib qolamiz. Musulmon kishi tilla yoki kumush tish qo‘ydirishi mumkinmi?

Javob: “Mo‘tabar to‘rt mazhab fuqaholari ham zarurat bo‘lganda tilla va kumushdan tish qo‘ydirish yoki qimirlab qolgan tishni mustahkamlashni joiz deb bilganlar” (“Quvayt Fiqh ensiklopediyasi”).

Kumush tish qo‘yish durustligiga mujtahid imomlarimiz ittifoq qilishgan. Tilla tish borasida Imomi A’zamdan ikki xil (ya’ni, durust va durust emas degan) rivoyat kelgan (Imom Tahoviy, “Mushkilul osor”).

Imom Hokim “Muntaqo” kitobida bunday deydilar: “Agar bir kishining tishi qimirlab qolsa va uni tilla yoki kumush bilan mustahkamlab qo‘ysa, Imom Abu Hanifa va Imom Abu Yusuf nazdida zarari yo‘q” (Fatavoi Hindiya).

“Imom Muhammad qimirlab qolgan tishni tilla yoki kumush bilan mustahkamlashni joiz ko‘rgan” (Raddul muhtor).

Bu masalaning yechimi borasida mazhab ichidagi mujtahid darajasiga yetgan olim Imom Karxiy, tishlarni tilla bilan qotirib qo‘yishni joiz deb bilganlar (Badoe’us sanoe’).

Mashhur olim Zafar Ahmad Usmoniy bunday deydi: “Tilla tish qo‘yishning joizligi biz moyil bo‘lgan ishdir. Imomi A’zam haqida, (ikkinchi so‘zlarida) shu fikrga qaytganlar deb bilamiz”. Qolaversa, salafi solihlardan Ko‘fa amiri Mug‘iyra, Hasan Basriy, Musa ibn Talha, Basra qozisi Abdulloh ibn Hasan, Abu Hamza, Abu Navfal, Yaziyd Rishk rahmatullohi alayhim va boshqalarning tilla tish qo‘ydirganlari va tishga tilla qoplaganlari haqidagi rivoyatlar bor (E’lous sunan).

Demak, zarurat bo‘lganda (ya’ni, faqat ziynat uchun emas, balki tishlar kasallanganda) erkaklar ham tilladan tish qo‘ydirishi mumkin.

Tishlar qoplanganda ostiga suv tegmay qoladi degan e’tirozga olimlar: “Tishlarning usti qoplanishi “jabira” (jarohat ustiga bog‘langan latta) hukmida bo‘ladi va ostiga suv tegmasa, zarari yo‘q. Kishi qoplama tish qo‘ydirayotgan paytda tahoratli bo‘lsa, har xil shubha va mulohazalarga o‘rin qolmaydi”, deb javob beradilar. Tahorat va g‘uslda qoplama tishning usti yuvilsa, ostini yuvgandek bo‘ladi. Vallohu a’lam.

***

SavolIjtimoiy tarmoqlarda karmin E120 moddasi qo‘shilgan mahsulotlar harom ekani haqida xabar tarqaldi. Bu xabar qanchalik asosli?

Javob: Karmin – qizil rangli bo‘yoq moddasi bo‘lib, Ye120 raqami ostida oziq-ovqatga qo‘shimcha sifatida ishlatiladi. Ushbu modda yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub bo‘lgan koshenil hasharotidan olinadi. To‘rt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni iste’mol qilish qat’iy man qilingan. Lekin hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan, karmin Ye120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayon va ishlanmalardan o‘tishi bilan holati o‘zgarishi soha mutaxassislari va ulamolar tomonidan aytilgan. Bu boradi Iordaniya fatvo hay’atining 3240-sonli Fatvosida quyidagilar bayon qilingan:

“Hasharotlardan olinadigan moddalar kimyoviy yo‘llar bilan boshqa moddaga aylanadi. Bu jarayonni Islom shariatida “Istihola” ya’ni bir moddaning boshqasiga o‘zgarishi deyiladi. Natijada nopok narsalar o‘z sifatlarini yo‘qotib boshqa narsaga aylanadi”.

Hanafiy mazhabining mashhur allomasi Kamol ibn Humom rahmatullohi alayh “Fathul-Qodiyr” kitobida bunday deganlar: “Shariat (biror narsaning) najosat bo‘lishini muayyan mohiyatga bog‘lagan. Najosatning ba’zi sifatlari yo‘qolishi bilan najosatlik mohiyati yo‘qoladi. Agar najosatning barcha sifatlari yo‘qolsa, najosatlik mohiyati ham to‘liq yo‘qolgan bo‘ladi. Buning shar’iy masaladagi misoli: uzum suvi pok sanaladi. (Vaqt o‘tishi bilan) xamr (mast qiluvchi ichimlik)ga aylanib, najosat bo‘ladi. (Yana vaqt o‘tishi bilan) xamr sirkaga aylanib, pok bo‘ladi”.

Karmin moddasi haqida Fatvolar va tadqiqotlar bo‘yicha Yevropa Kengashi o‘zining 19-sonli fatvosida quyidagicha qaror qilgan: “Carmine E120 moddasi garchi kelib chiqishi hayvonlardan bo‘lsa ham, kimyoviy ishlovdan o‘tadi, natijada o‘z tuzilishini o‘zgartiradi hamda asl xususiyatlarini yo‘qotadi”.

Demak, karmin – Ye120 moddasi qo‘shilgan mahsulotlarni iste’mol qilish joiz. Ushbu fatvolar ulamolar tomonidan e’lon qilingan bo‘lsa-da, zamonamizdagi ayrim ahli ilmlar mazkur masalada ehtiyot yo‘lini tutishni tavsiya etgan.

Xulosa qilib aytganda, ulamolar ruxsat bergan tarafni olib ba’zi odamlar karmin moddasi qo‘shilgan mahsulotni iste’mol qilsa, taqvo va ehtiyot yo‘lini tutganlar ularni malomat qilmasligi kerak. Vallohu a’lam.

***

Savol: Ba’zi viloyatlarda ayollar “Mushkulkushod” va “Bibiseshanba” marosimlarini o‘tkazadi. Bu haqida dinimiz nima deydi?

Javob: Mushkul kushod – (“mushkul” – qiyin, “kushod” – ochuvchi) qiyinchiliklarni ochuvchi, mushkullik va chigalliklarni yechuvchi ma’nosini bildiradi. “Mushkulkushod” va “Bibiseshanba” – mushkullarni oson qilish maqsadida qilinadigan xurofot amallardan hisoblanadi.

Aslida, mo‘min-musulmon odamning hayotidagi har bir jabhasi Qur’oni karim va sunnati nabaviya ko‘rsatmasiga muvofiq bo‘lmog‘i lozim. Ushbu ikki manbaga zid kelgan har qanday e’tiqod yoki urf-odat rad etiladi.

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani yangidan paydo qilsa, u rad etilgandir”deganlar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Mushkulni kushod ya’ni bandaning boshiga tushgan qiyinchilikni yengil qiluvchi Zot yagona Alloh taoloning O‘zidir. Shuning uchun “Mushkulkushod” yoxud “Bibiseshanba” degan marosimlarning dinimizga mutlaqo aloqasi yo‘q.

Boshiga og‘ir ish, mushkul tushgan mo‘min-musulmon Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan kelgan sahih rivoyatlar asosida Qur’on oyatlaridan o‘qib, salavotlar aytib, Alloh subhanahu va taoloning O‘zidan mushkulini oson qilishni so‘ramog‘i lozim. Vallohu a’lam.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023 yil 2-son.

“Qaltis savollarga nozik javoblar” suhbati

Ma'rifat Ziyo platformasi

BARCHA ZIYOLILARNI BIRLASHTIRIB TURUVCHI TAFAKKUR KO‘PRIGIDIR