Bugunning mavzusi

Sheva va adabiy til o‘rtasiga o‘tib bo‘lmas devorni kim, qachon tiklagan?!

Yaqinda “Kun.uz” sayti tilchi Baxtiyor Mengliyev bilan gurung qildi. Olimning maktablarda bolalarga qoida emas, so‘z o‘rgataylik, degan fikri meni qog‘oz qoralashga undadi.

Haqrost, ziyolilarimizning maktab, litsey, kollej, hatto oliy o‘quv yurtini tamomlayotgan yoshlar savodsiz, degan ta’nasi to‘g‘ri. Bir nechta xorijiy tilda biyron farzandlarimiz ona tilida erkin fikr yuritolmaydi, lug‘at boyligi juda ham g‘arib. Ularning bir hovuchgina so‘zga andarmonligi kitob va asl milliy adabiyotdan begonalashuviga sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, har bir millatning tamaddun tufayli unutilgan, iste’moldan chiqqan so‘zlari bo‘ladi. Ona tilimiz ham bundan xoli emas. Ammo, nazarimda, tarix qatida qolgan, biz unutgan so‘zlar yerdami yo ko‘kda qandaydir g‘azabnok porlayotgan ko‘zga o‘xshaydi. So‘zning joni bo‘lmaganda odamni goh o‘ldirib, goh tiriltirarmidi? Atrof-javonibga munday ser solib qarang: kimningdir og‘zidan chiqqan, siz allaqachon aytmay qo‘ygan birgina shirin kalom vujudingizga nurday singib, beqiyos ruhiy quvvat baxsh etganini payqaysiz. Ana o‘shanda xotiraning qaysidir bir puchmog‘ida bolalikmi, tirilib ro‘baro‘ keladi. Sizga qamti turgan o‘tmish bobo-momongizning ovozi.

Ha-ha, unutilgan so‘z – duotalab ruh.

Mulohazalarimiz sirli ma’vo – so‘z saltanati haqida.

Turkistonda sovet hokimiyati zo‘rlik bilan o‘rnatilgandan so‘ng turkiy urug‘larning urf-odat va shevalarini o‘rganishga jidd-u jahd bilan kirishiladi. O‘zak-mag‘zida mustabidlik mafkurasi yotgan bu intilishning xayrli tomoni ham bo‘ldi. Salkam bir asr mobaynida o‘zbek shevalari bo‘yicha o‘nlab nomzodlik va doktorlik ishi qilindi, minglab maqolalar yozildi, kitoblar chop etildi. F.Abdullayevning “Xorazm shevalari”, M.Mirzayevning “O‘zbek tilining Buxoro gruppa shevalari”, I.Shamsiddinovning “O‘zbek tilining Qorako‘l shevasi”, Sh.Nosirovning “O‘zbek tilining Qo‘qon shevasi”, Q.Muhammadjonovning “Janubiy Qozog‘istondagi o‘zbek shevalari morfologiyasi”, T.Yo‘ldoshevning “Tojikistondagi o‘zbek shevalari morfologiyasi”, A.Ishayevning “Qoraqalpog‘istondagi o‘zbek shevalari”, S.Ibrohimovning “Farg‘ona shevalarining kasb-hunar leksikasi”, “O‘zbek tilining Andijon shevasi”, V.Egamovning “Samarqand oblastining G‘allaorol shevasi”, N.Rajabovning “O‘zbek tilining G‘arbiy Samarqand shevalari”, S.Rahimovning “O‘zbek tili Surxondaryo shevalari”, B.Jo‘rayevning “Yuqori Qashqadaryo o‘zbek shevalari”, A.Shermatovning “Quyi Qashqadaryo o‘zbek shevalari”, Bosim To‘ychiboyev va Qozoqboy Qashqirlining “Zominning til qomusi” kitoblari ilm – ilm uchun degan niyatda qilinmagandir? O‘tgan asrning 30–40-yillaridan boshlangan izlanishlar natijasi o‘laroq “O‘zbek xalq shevalari lug‘ati” degan salmoqli to‘plam 1971-yilda ikki ming nusxada bosilib chiqadi. Yaratilganiga salkam ellik yil bo‘lgan kitob o‘sha davrda ham, bugun ham o‘z haqqoniy bahosini olgani yo‘q. Lug‘atni varaqlab o‘zimcha xomcho‘t qildim: olti mingdan ziyod so‘z va ibora bor. To‘plamda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonning janubiy tumanlari hamda Qoraqalpog‘istonda yashovchi o‘zbeklarning qarluq, qipchoq, o‘g‘uz lahjalarida ishlatiladigan ayrim so‘zlar jamlangan. Tanlab olingan hudud juda katta, so‘zlovchilar ham million nufusdan kam emas. Ammo, olimlarimiz tergilab tizimga solgan aksariyat so‘zlarning Izohli lug‘atga kirishiga, adabiy til bilan elakishib ketishiga ellik yil ham kamlik qilibdi. Deylik, zamonaviy yigit-qizlardan bama’nisi o‘rtaga chiqib “Bu hol qorong‘idir biz yoshlar uchun” deb qolsa, tilchilarimizning javobi qanday bo‘ladi? Qadimgi Xitoy va yapon adabiyoti bo‘yicha jiddiy tadqiqotlar olib borgan akademik Nikolay Konrad o‘tgan asrning 60-yillarida yozgan maqolalaridan birida xitoy va yapon adabiy tili xalqning jonli so‘zlashuvi asosida shakllanganini aytib o‘tgan edi.

“O‘zbek xalq shevalari lug‘ati”da ruh bor, hayot nafasi ufurib turadi. Lekin Izohli lug‘atdan joy tegmagan, manbalardan jamlab taqdim etilayotgan quyidagi tirik so‘zlarni yana necha yil tirsaklab, “shevasan” deya peshonasiga nuqiymiz?! Balki ularni bugun o‘z hududlarida ham tanimaydiganlar, nomini tutmaydiganlar ko‘payib borayotgandir? Biz ularga vaqtida o‘z o‘rnini, martaba va mavqeini ko‘rsatib qo‘yganimizda edi, tili kalimaga kelmaydiganlar adadi kamroq bo‘larmidi. Mana o‘sha kamsitilgan so‘zlar.

Varsaqi (Xorazm, Surxondaryo) – sergap, vaysaqi. Oyg‘og‘ (Tojikiston, Surxondaryo) – janjalkash, shaddod, jangari. Bo‘ja (Surxondaryo) – archa bargi. Ezuv (Surxondaryo, Gurlan) – ikki labning tutashgan joyi. Zambariq (Xorazm, Surxondaryo) – zamburug‘. Jizziq (Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm) – jizza. Zo‘m (Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo) – qo‘rs, o‘z bilganidan qolmaydigan. Iyarmak (Xorazm, Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo) – ergashmoq. Ila-chila (Qashqadaryo, Surxondaryo) – darhol, darrov. Ingirsimoq (Qoraqalpog‘istonning Beruniy va Surxondaryoning aksar tumani) – yig‘lamoq. Yangilmoq (Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo) – yanglishmoq, yo‘ldan ozmoq. Yemizik (Qozog‘istonning Qorakissa qishlog‘i) – so‘rg‘ich, soska. Yermoy (Jizzax, Surxondaryo) – kerosin. Yulun (Xorazm, Qozog‘istondagi Chimkent, Qarnoq, Iqon tuman va qishloqlari. “J”lovchi hududlarda “julun” ) – harommag‘z. Galpang (Xorazm) – anqov. Kangshirik (Qozog‘istondagi Mitan, Barlos qishlog‘i, Surxondaryo) – qanshar, burunning yuqori qismi. Ko‘kmak (Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo) – ko‘kish. Qanquv (Urganch, Xiva, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sherobod, Dehqonobod) – kinoya, piching. Qashamsham – (Qashqadaryo) – o‘jar, qaysar. Qayirma (Surxondaryo, Qashqadaryo) – sut qo‘shilmay pishiriladigan patir. Qidirmoq (Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo) – mehmonga bormoq. Qiliy (Qirg‘izistonning O‘sh viloyati, Surxondaryo) – g‘ilay. Qurdim (Qozog‘istonning Qoramurt qishlog‘i) – suv singib yo‘q bo‘lib ketgan joy. Qurdumqoq (Qashqadaryo, Surxondaryo) – xasis. Lang (Surxondaryo, Samarqand, Qarshi, Urganch, Xiva) – o‘lat. Lozimada (Toshkent), lozimat (Namangan) – marosim. Mondimoq (Xorazm, Surxondaryo) – yolchimoq. Misol: “Hech mondimading sen, topqaning nera getadi?” Mardaymak (O‘sh) – kerilmoq. Misol: “Mardayib o‘tiribdi”. Tiramboqi (Toshkent) – oriq (molga nisbatan). Tirramak (Surxondaryo, Qashqadaryo) – juvonmarg. Misol: “Tirramakka ketkur, mushtday bo‘lib odamni aldaydi-ya!” To‘larsog‘ (Toshkent) – katta ustuxon, suyak. Tusoq (Qashqadaryo, Surxondaryo) – ikki yoshar urg‘ochi qo‘y. Uv (Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo) – zahar, og‘u. Urt (Urganch, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo) – lunj. Ungilmoq (Gurlan, Surxondaryo) – tikilmoq. Xomishak (Qashqadaryo, Surxondaryo), xomo‘shak (Buxoro) – chivin, iskabtopar. Ximich (Buxoro, Samarqand, Surxondaryo) – xivich. Xo‘razak (Xorazm, Surxondaryo) – bo‘g‘ma. Hashshakallo, hashsha – (Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro) – baribir, har qanday holatda, sharoitda ham. Havon (Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax) – ixtiyor, erk, xohish. Misol: “Hech kim bilan ishi bo‘lmaydi, o‘z havoniga o‘ynab yuradi”. Mayak (Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo) – tuxum. Mondiramoq (Forish, Surxondaryo) – aljimoq. Montimoq (Andijon), moltimoq (Jizzax, Samarqand, Surxondaryo) – quloch otmasdan suzish. Mulgimak (Xorazm, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo) – mudramoq. “Yurgandayam mulgiydi” (Beruniy). Nozbo‘y (Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand) – rayhon. Pang (Zomin, Samarqand, Surxondaryo) – mog‘or. Samsam (Xorazm, Surxondaryo) – sergap, ezma. Ser solmoq (Jizzax, Samarqand, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo) – kuzatmoq, e’tibor qilmoq. Sergimoq (Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax) – nami qochmoq, qurimoq. Tel (Gurlan, Surxondaryo) – dalda. Tel-tel bermoq – gij-gijlamoq (Qashqadaryo). Chaspak (Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo) – oshiq-moshiq. Chiyqonday (Toshkent, Surxondaryo) – olcha suviday. Misol: “Yuzlari chiyqonday qizil”. Chirkay (Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo) – chivin. Chix (Xorazm, Surxondaryo) – shudring. Shamataloq (Jizzax, Surxondaryo) – hech nima, hech narsa. Shangraymoq (Xorazm) – gerdaymoq, mag‘rurlanmoq. Shildinglamoq (Qirg‘izistonning O‘sh viloyati, Surxondaryo) – yupqa kiyinmoq.

Misollarimiz dengizdan tomchi. Bu so‘zlar nafaqat viloyatlarimizda, balki mamlakatimizga chegaradosh o‘zbek tumanlarida ham birday ishlatiladi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “lang” so‘zining ikki xil ma’nosi – “cho‘loq, oqsoq” hamda “keng ochiq” ma’nolari berilgan, lekin “o‘lat” ma’nosi yo‘q. Lug‘atda “havon” so‘zi “kelisop; tiragich” deya izohlangan. Shuningdek, “pang” so‘zi “o‘zagi qurib bo‘sh bo‘lib qolgan” va “noaniq, yoqimsiz, po‘ng‘illagan” deya berilgan. Eh-he, yana qancha-qancha so‘zlarning jonli tildagi go‘zal ma’nolari ochilmasdan yotibdi.

Fattoh Abdullayevning 1961-yilda nashr etilgan ikki qismdan iborat “Xorazm shevalari” kitobi tilshunoslikdagi jiddiy tadqiqotlardan. Olim tarixi va tili nihoyatda boy qadimiy o‘lkaning qasaba-yu kentlarini, qishloq va ovullarini kezib ne bir hasratda yuzlab so‘zlarni, ertak va maqollarni yiqqan. Kitobda so‘zlar qaysi tumanda uchrashigacha bitilgan. Masalan, Mang‘itda darxon – ozod, erkin, Gurlan, Mang‘it, Yangibozorda qaban – qobon, qongshi Urganch, Xiva, Xonqa, Hazoraspda qo‘shni degan ma’noni bildirishini, gurlan, yangibozorliklar aylana, davra, ko‘pchilikni qur so‘zi bilan ifodalashini, Xiva, Urganch, Qo‘shko‘pir lukche deganda yaxlitlikni, bir butunlikni tushunishini, xivaliklar burishgan, tirishganni murrik, Urganch, Xiva, Xonqa, Gurlanda saqichni saqqiz deyishini bilib olasiz. Tilchi olim Hazorasp, Xonqa, Bog‘otda sambirdamoq valdiramoq, aljiramoqni anglatishini, gurlanliklar eshikni bo‘sag‘aga band qilib turadigan yog‘ochni turum desa, Urganch, Gurlan, Xivada yosh bolalarning og‘ziga chiqqan yarani uvulmoq, Urganch va Mang‘itda qatiq ivitishni uyutmoq, Urganch, Xivada to‘yda hissa berishni ulush, urganch, xiva, xonqaliklar ip yoki arqonning chigal bo‘lishini chiyilmoq, Urganch, Xiva, Hazorasp, Mang‘itda chuqurlikni chuqaloq, chuqanoq deyishini yozadi.

Fidoyi olimning xizmati tufayli biz urganchliklar qilov deganda pichoqning qirovini tushunishini, Xivada hayvon tiliga chiqadigan yarani ham qilov deyilishini bilib olamiz. Xorazmliklarning shoshib qolgan, esankiragan odamni angi qochdi, molning og‘ziga chiqadigan yarani ovsil, xunuk, badburushni ebesh, ustunni baqan, bo‘linmagan, bir butunlikni butov, mastlardek tutilib gapiradigan odamni g‘iljaydi, ishchan, chayirni esa dayov deyishi so‘z bobida janublik eldoshlari bilan yakdil ekanini ko‘rsatadi. F.Abdullayev xivaliklar tilidagi qandim so‘zi qumda o‘sadigan o‘simlik nomi ekanini yozadi. Qandim Buxoro cho‘llarida ham bitadi. Buxoroda Qandim degan joy ham bor. Bu nomni uch-to‘rt yil burun ochilgan gaz koni dunyoga mashhur qilib yubordi.

Taassufki, bor-yo‘g‘i ming donagina chiqqan “Xorazm shevalari” to‘plami mutaxassislar doirasida qolib ketdi. Bunday o‘ta muhim va hayotiy tadqiqotlarning ming, ikki ming, uch ming nusxada bosilishi noshirlikni siyosat, mafkura deb bilgan sho‘ro hukumatining nayrangi bo‘lganini, o‘zbekning qadimiy tarixi va tilini o‘ziga qayta taqdim etish emas, aksincha, jilovlab turish uchungina o‘rganganini tushunamiz. Ammo, ajablanarlisi, bu tosh-metin qarashning shu kunlarda ham barham topmagani. Axir, lug‘atda yo‘q so‘zlarni sheva deb hisoblay-hisoblay ko‘p narsani boy berdik-ku!

Qo‘shbulog‘-u qo‘shrabotni bog‘lagan shardoz

O‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida “Yoshlik” jurnali “Til sandig‘i” degan rukn tashkil etgan va kuyunchak jurnalxonlar ko‘magida lug‘atlarda yo‘q yuzlab so‘z bilan so‘zlashgan edik. Savobning tagi teshik, deganlari rostmi, bilmadim, shunday ulug‘ ish nima uchundir yakuniga yetmay to‘xtadi. Bugun, yigirma birinchi asrning beshdan birini ortda qoldirib anglayotirmizki, til sandig‘imizning keti ko‘rinib qolibdi. To‘g‘ri, taraqqiyot talabi bilan so‘nggi yigirma besh-o‘ttiz yil ichida yuzlab so‘z iste’molga kirdi va lug‘atimiz boyidi. Ammo, o‘tgan mana shu qisqa davrda biz necha yuz qadimiy so‘zlarimizdan ayrilganimizni ham aytmasak vijdonga xilof bo‘ladi.

Bilsangiz ayting, sheva va adabiy til o‘rtasiga o‘tib bo‘lmas devorni kim, qachon tiklagan?!

O‘zbek shevalari adabiy tilning bitmas-tuganmas bulog‘i ekani amalda isbotlanganida edi, jamiyatdagi juda ko‘p ijtimoiy-ma’naviy illatlar, eng muhimi, mahalliychilik chuqur ildiz otmagan bo‘lar edi. Millat sifatida uyushmaganimizning asosiy sabablaridan biri ham so‘zlarimizning umumiy mulkka aylanmaganida.

Farzandlarimiz chet tillarga chechan, xorijiy so‘zlarning asliniyam biladi, ammo ona tilining jozibasini, uning tirikligini ta’minlab turgan xalqona so‘zlarni bilmaydi. Dashtda yashovchi, hayoti dehqonchilik va chorvachilik bo‘lgan  aksariyat o‘zbeklar jonli tilidagi quyidagi so‘zlarga bir e’tibor qiling.

Sirdaryoning Yangiyerida istiqomat qiluvchilar g‘ururni gurda, boshqorong‘ilikni jerik, iflosni palaz, dimni buk deydi. Qo‘shrabotliklar tilida mortuv – xunuk, savmal – injiq, shardoz – qo‘y junidan tayyorlangan ip, qashqatayoq – gap uqmas bola, qovurchin – yosh bola degan ma’no anglatadi. Qamashiliklarning ombirni charnovuq, qorako‘llik yerdoshlarimiz esa kaftni oya, baquvvat odamni dayov, gapdan qolmaydigano‘rni zo‘m, tepsa tebranmasni mula, so‘ligan, bujmaygan narsani murrik, foydali, xush yoqadigan narsani forimoq, iskabtoparni chirkay, tovonni o‘kcha, qo‘y junini qirqadigan qaychini qilliq deganini eshitgan chiqarsiz? Yoki g‘allaorolliklar tilidagi “Ko‘ngli noza bo‘ldi” – xafa bo‘ldi, dili og‘ridi, chinaqay – jimjiloq, chirich – qirda o‘sadigan o‘simlik, shardoz – junday yigirilgan ip, elovrash – bosinqirash, qanquv – kesatiq gap, qo‘qim – chiqindi, axlat, ushullak – hushtak, ushmak – uchli temir, sug‘anoq – ochko‘z, qochov – iskana kabi so‘zlar sizga erish tuyulyaptimi? Surxondaryoliklar Tojikistonning Yovonida chipqonni do‘mbol, kashta turini jo‘rma, kashtani chiroz, o‘rik turshagini g‘o‘ling, pista daraxti yaprog‘idagi jigarrang o‘simtani buzg‘unch, ayollarning boshqorong‘i bo‘lishini jerik, chimkentliklarning odam va molning yo‘ldoshini chuv deyishini bilsa yoxud kattaqo‘rg‘onliklardan kaldirchi (tasqara qush), g‘org‘onaq (yovvoyi tog‘ bodomi) so‘zlarini eshitsa hayajonga tushishi aniq. Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yashovchi yurtdoshlarimiz ham qalbni ko‘kay, kelin bo‘lib tushgan qizning ota uyiga borishini to‘rkun, to‘g‘ri, haqlikni o‘ral der ekan. “Uka, sizniki o‘ral” degani inining haqligini anglatadi.

Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi Mardonqul Boltayev bundan o‘ttiz yil burun yozgan bir maqolasida tilimizninng takrorlanmas so‘z va iboralarini tezkorlik, ziyraklik va donolik bilan yig‘masak ertaga kech bo‘lishini uqtirgan edi. Fidoyi domla Samarqandning Narpayida ham yoshida kam farqi bor aka-uka, opa-singillarga basalqi, bo‘yinsa, boshqorong‘ini jiyrik, yurak-bag‘ri ezilganni ko‘kayi kesildi, qatiq ivitish uchun sutga qo‘yiladigan achigan qatiqni uyutqi, vaqti o‘tgan odamga nisbatan qadasi qaridi, jahli chiqqan kishini orqasi tutdi degan iboralar bilan atalishini yozadi. Yana bir kuyunchak ustoz Yormat Tojiyev Farg‘onaning Rapqon qishlog‘ida bo‘zdan tayyorlangan matolar alak, qalami, kalta, dumaloqni do‘lta deyilishini ta’kidlaydi. Samarqandning Poyariq tumani xalqi tilidagi so‘zlar xususida ham shunday deyish mumkin. Masalan, buyri – biqin, gayak – qaysar odam yoki hayvon, jo‘ymoq – pulni aroq jo‘yib ketadi, irga – uy burchaklari va gir aylanasi, taytuv – tantiq, kamfahm ayol, qutaytmaydi – o‘ngdirmaydi, sog‘ qoldirmaydi, quntuyup – o‘rindiq yoki egarda haykalday qotib o‘tirish...

Ipni kurmak bog‘lab yurgan chorvador el bu so‘zni Namanganning Chortog‘ida ham eshitsa albatta suyunadi. Turkmanistonning Toshovuz viloyati va Buxoroning chegara tumanlarida qum zarrasini chega deyishini bilib, o‘zlari kunda-kunora ishlatadigan “Chegaday bola”, “Chegaday joni bilan...” degan iboralar mohiyatini yanada chuqurroq anglaydi.

Zomindagi yuz (juz)larning tirtaymoq, ko‘kay, g‘idirish, jomrash, tirjiq, ko‘gan, napramach, sochbov, yermoy, tuyato‘pon, chtir, kurmak, so‘lpi, katik, emchi, chagana, arna, ko‘klash, paxtachiliklar kustili, chobra, qovzonmoq, g‘idirish, qo‘shrabotliklarning bejog‘im, iq, kapsan, gapchinoz, gartak, o‘shak, oya, gurtik, oracha qilmoq, minaz, savmal, qoruvli, guppimoq kabi so‘zlari respublikamizdagi o‘nlab tumanlar uchun ham enaso‘zdir. Xudorahmati adib va olim G‘ulom Karim olotliklar qulupnayni yertut, ko‘rshapalakni yerqanot deyishini yozib, ko‘ngillarni xushnud etgan edi. Qanday chiroyli so‘zlar. Olotda ham iskabtopar chirkay, qo‘ziqorin zamariq, balo domana ekan. Tilimizdagi “Domanayam yo‘q...” degan ibora mazmuni endi tushunarli bo‘lgandir? G‘ulom aka maktubida yurtdoshlari selofan paketni shiqirqog‘oz, plastinkani qarta deyishini aytib o‘tgan.

Yuqorida keltirilgan so‘zlardan to‘qol, qovzanmoq, sochbov, qoruvli, guppimoq, baloq, ko‘kay, biy, yezna, ko‘kladi, qotmoq, bosmoq, irg‘almoq, domana, gurda, qo‘l, qirchin, g‘ujur, cho‘qlamoq, o‘kcha, cher Izohli lug‘atga kirish baxtiga muyassar bo‘lgan, xolos.

Qosim Muhammadjonov “Janubiy Qozog‘istondagi o‘zbek shevalari” kitobini 1967–1975-yillar mobaynida Chimkent, Turkiston, So‘zoq hududidagi shahar, tuman, qishloqlarga qilgan safarlari asosida yozgan. To‘plamdagi aqquva – oqroq, oqish rangli; bulk etmoq –qimirlamoq, pisand qilmoq, ta’sir qilmoq; iygilik – ezgu niyat, yaxshilik; imirsiq – yalqov, ishni sekin bajaradigan odam; ishqir – hushtak chalmoq; yavrin – yelka; yadra – yayramoq, erkin bo‘lmoq; kiyit – to‘yda qarindosh va qudalarga beriladigan sarpo; kurmak, qoziqbog‘i – arqonni bog‘lash usullari; mardash – chordana qurib o‘tirmoq; siyroq – oyoq; soyloq – novcha, baland bo‘yli; tixmaloq – to‘la, semiz odam; tomor – to‘nkaning ildizi; to‘ngmoy – mol yog‘i; tush-tush – har tomon, har taraf; chem – belgi kabi so‘zlarni ham “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan topolmaysiz.

Mullatoy Begaliyevning “O‘zbek tilining Qorabuloq shevasi leksikasi” kitobiga kirgan o‘nlab so‘z mamlakatimizning ko‘pgina hududlari uchun begona emas. Qorluq va qipchoq lahjasida so‘zlovchi yurtdoshlarimiz tili o‘g‘uz lahjasiga tortadigan qorabuloqliklarning iskanani qochov, angishvonani o‘ymoq, don saqlaydigan maxsus joyni xampa, jigarni bovur, lablarning birlashgan joyini ezuv, harommag‘zni yulun, qizilo‘ngachni ko‘makay, to‘yda qarindosh va qudalarga beriladigan sarponi kiyit, marosim, biror tadbir yoki voqea munosabati bilan boriladigan joyni lozimada, lozimat, teshani chot, ko‘rpa jildini ko‘rpabeti, boshqa ariqqa suv olinadigan joyni quloq deyishini bilsa o‘rtadagi salkam ming chaqirim masofa ham bir qadamday tuyuladi.

Anvar Bo‘ronovning “Oltoylar” kitobida yozilishicha, Rossiya Federatsiyasining Oltoy respublikasida yashayotgan qardoshlarimiz nikoh orqali bog‘langan erkak qarindoshlarni quda, ayol qarindoshlarni esa qudag‘ay, xolaning farzandlarini bo‘la, to‘yonani soun, jonliqni sog‘um, kurashda to‘y egasi qo‘ygan sovrinni tabaq, jigarni bovur, bo‘g‘irsoqni bovursoq, to‘nni ton, paxta va jun savashda ishlatiladigan savag‘ichni sobov, og‘izni ovuz, pastlikni tyomen, ertaga so‘zini erten deyishar ekan. Oltoylar nasroniylikka o‘tkazilgan bo‘lsa ham, ularning bugungacha yashab kelayotgan ayrim urf-odat va marosimlari, shuningdek, tadqiqotchi keltirgan qisqacha oltoycha-o‘zbekcha lug‘atdagi so‘zlar O‘zbekistondagi qo‘ng‘irot, qatag‘on, saroy, yuz, do‘rmon, qirq, ming, nayman va boshqa urug‘lar urf-marosimlari va lahjasiga juda o‘xshashligiga guvoh bo‘lasiz.

Boboyurt chirog‘ini yoqib, turkiy so‘zlarni asrlardan-asrlarga sof olib o‘tayotgan qondoshlarga qulluq.

Koshg‘ariydan qolgan meros kimniki?!

Mahmud Koshg‘ariyning 30 dan ortiq turkiy xalqlar va urug‘larning lahjalarini o‘zida jamlagan “Devonu lug‘otit-turk” kitobi 1070-yilda yozilgan. Koshg‘ariy devoni turkiy so‘zlar “metrka”si. Buyuk tilchi tilga olgan “Yetiken” – yetti qaroqchi haqidagi ma’lumotni o‘qib, bolaligimizda uxlamay osmonga termulib yotgan kechalarda Bibisuluv momom o‘rgatgan tez aytish yodimga tushdi:

“Jetagan jeti yulduz,

Temir qoziq bir yulduz.

Oq, bo‘z ot ikki yulduz,

Yetti aytmoq savobmish”.

“Devon”da “qoq” so‘zi “yomg‘ir va sel suvidan paydo bo‘lgan ko‘lmak” deyilgan. Dashtliklar tilidagi bu qadimiy so‘z ustoz nosirlarimiz tufayli adabiy asarlarga ko‘chdi, ammo Izohli lug‘atga ko‘chmadi. Bu mijg‘ovlikni Koshg‘ariy bobo ko‘rganda, “E-e, suf senlarga qoqvoshlar!..” deya yuz o‘girgan bo‘lardi.

“Devonu lug‘otit-turk”da “yulun” so‘zi bo‘yin so‘ngagi ichidagi oq ilik, harommag‘z deb tushuntirilgan. “Toriqdi” so‘ziga esa toraydi, deb ta’rif berilgan. Haqrost, bugun ayrim joylarda saqlanib qolgan bu so‘z yurakning bezovtaligi, ichi torlikni bildiradi. Mahmud Koshg‘ariy tilimizda keng ishlatiladigan bunda, shu yerda so‘zlarining muqobili “munda”ni aytib o‘tadi. Ming yillik bu so‘z ayrim viloyatlarda hamon iste’molda ekani ko‘ngilga surur bag‘ishlaydi. “Devon”da “ushaq” – chaqimchilik, “ushaq so‘z” – mayda va tuhmat so‘z deya ta’riflangan. Xalqimiz g‘iybat gapni “o‘shak”, uni tarqatuvchini “o‘shakchi” deydi. Bugun tilimizdagi tagcharm ma’nosini bildiruvchi “ulton” so‘zini Koshg‘ariy “uldang” deydi va quyidagi maqolni keltiradi: “Itga uvut yetsa ulton yemas – Itga uyat kelsa tagcharm g‘ajimaydi”.

Darvoqe, “uvut” – uyat haqida. Bolaligimizda bobo-momolar nojo‘ya ish qilsak “He, uvutsiz!..” deganini ko‘p eshitganman. “Devon”da kelgan “olqindi”, “angdidi” so‘zlari bugun ham asl – tamom bo‘ldi, tugadi; poyladi, kuzatdi ma’nosida ishlatilmoqda. Yoki bo‘lmasa, “inek buzag‘uladi” – sigir tug‘di degan gap. Ming yil burun qanday aytilgan bo‘lsa aslo o‘zgargan emas. “Devon”dagi “yamrashdi” – aralashdi so‘zini oling. “Qo‘zi yamrashdi – qo‘zilar onalari bilan aralashishdi” deya misol keltiradi muallif. “Yamrashmoq” – jomrab qolmoq, ya’ni “jam bo‘lish, xursand bo‘lish” ma’nosida ishlatiladigan bu so‘z bugun ham nutqimizni bezab turibdi. Yana bir misol. Momolarimiz suvga “choptirgan” itni ko‘rsa “He-ye, ado bo‘lgur. Suvga soridi...” der edi. “Devonu lug‘otit-turk”ni o‘qib momolarim tilini tushundim. “Devon”da “seredi” so‘zining birinchi ma’nosi bulg‘ash, siyish, ikkinchi ma’nosi esa namatni zich qilib, pishiqlab tikish deyilgan. So‘zning har ikki ma’nosini ham bugungi yoshlar bilsa, demak xavotirga o‘rin yo‘q. Aks holda...

“Devonu lug‘otit-turk”da “o‘grimlandi” so‘ziga “gir aylandi, o‘ralib oqdi” degan ta’rif berilgan. “Devon” tarjimoni va nashrga tayyorlovchi Solihqori Mutallibovning yozishicha, Alisher Navoiy ham bu so‘zni “egrim” shaklida qo‘llagan ekan. Biz tomonda girdobni haliyam “iyrim” deyishadi.

Mahmud Koshg‘ariy “qo‘l” so‘zining ma’nolarini aytib, tog‘dan pastga tushgan qiyalik deb yozadi. Demak, “qo‘l” so‘zi “soylik”, “soy”, “dara” ma’nolarini ham anglatar ekan. Shundan so‘ng qishlog‘imiz ustidagi “Bozorqo‘l”, Tizinakotaning pastidagi “Qorong‘iqo‘l” qishlog‘ining ma’nosini bildim. Keksalarning aytishicha, Takati qirlaridan pastda joylashgan Bozorqo‘lda bundan bir asr burun bozor bo‘lgan ekan. Bu manzilning qadimiyligiga yana bir dalil, u yerda ko‘plab ko‘hna qabrlarning izi bor.

Surxondaryo shevalarini tadqiq qilgan Saidmuso Rahimov kitobida kasb-kor, hayot tarzining o‘zgarishi bilan g‘oyib bo‘lgan so‘zlar ko‘plab uchraydi. Usti loysuvoq qilinadigan uyning bomi, maydalangan qoqiga qatiqqa aralashtirilsa qoqosh, holvaytarning hay-hay, shilpildoqning to‘ppa deyilishi voha yoshlariga ham erish tuyulsa kerak. Lekin afsuski, xirmon yanchishning galagov, xirmon yanchayotganda ho‘kizlarni haydash uchun ishlatiladigan tayoq gavron, ho‘kiz qo‘shib g‘alla tashiladigan g‘ildiraksiz arava chig‘ana, bug‘doy poyasi sovara, hosili yig‘ib olingan maydon angara, bug‘doy elaydigan g‘alvir chig‘il ekani deyarli unut bo‘ldi. Nikoh to‘yi bilan bog‘liq marosimlar va ularning nomlari haqida ham shunday deyish mumkin. Masalan, idish – unashishdan keyin yuboriladigan to‘yona, qanjig‘a – nikoh to‘yiga olib boriladigan uloq shoxiga bog‘lanadigan ro‘mol, shovuloq – to‘yga olib boriladigan uloq, jolaqqizartar – to‘ydan oldin qo‘y so‘yib qon chiqarish, to‘qqiztoboq – kuyov yigitning o‘rtoqlariga beriladigan ziyofat, qaynata taboq – kuyovga maxsus atalgan ziyofat, qarijilik – nikoh kechasi kuyov oldiga qo‘yiladigan ilik, it irillatar, oyna ko‘rsatar, kampir o‘ldi, oyoqbosar, chochsiypatar – nikoh kechasi qilinadigan udumlar, jipakiluv – kelinning otasi uyiga ipak ilib kirish odati, yelakboshi – nikoh kechasi kelinning un elab ko‘rsatishini zamonaviy tartib-taomillar egallab bo‘ldi hisob.

Men yana qiziqsinib “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni varaqladim. Xayriyat, yuqoridagi xatboshidagi so‘zlardan galagov bilan gavron bor ekan. Izohli lug‘atda Toshkent to‘ylarida xotinlarga patnisda ulashiladigan to‘qqiz xil narsadan iborat “to‘qqiz-to‘qqiz” va qiz unashtirishda kuyov tomondan yuborilgan dasturxonga qaytarilgan dasturxon va uni kutib olish marosimi – “idishqaytdi” haqida ma’lumot berilgan, “idish” haqida lom-mim deyilmagan. Yoki bo‘lmasa, “qanjig‘a” so‘zi “Yuk va boshqa narsa bog‘lash uchun egar orqasiga mahkamlangan tasma, bog‘ich yoki ilgak” deya ta’riflangan. S.Rahimov keltirgan so‘zlar izohli lug‘atimizdan muqim joy olganda edi...

Nachora, kitoblarda darj etilgan, necha ming yillik tariximiz, qadriyat va an’analarimiz guvohi bo‘lgan so‘z va iboralarning o‘rni hozircha poygakda.

Nafsilamrini aytganda, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga kirmagan nechta so‘z bo‘lsa, ong-u tafakkurimizda o‘shancha yoriq, kemtiklik bor. 80 000 dan ortiq so‘z va so‘z birikmalarini jamlagan besh jilddan iborat lug‘at, shubhasiz, katta boyligimiz. Lekin yuzlab qishloq, ovul, kentlar qiyofasi, urug‘-aymoqlarning o‘ziga xosligi bo‘lgan yana qancha minglab so‘z o‘ttiz to‘rt million qora ko‘zning yalpi mehrini kutib yashayapti.

Koshg‘ariydan buyon necha davrlar o‘tdi, saltanatlar sovurildi. Xon-hoqonlar xoki turobga aylandi. Qasrlardan qilcha ham nishon qolmadi, ammo qorako‘z, ko‘ngli oq xalqning bo‘g‘zidan cho‘g‘day otilgan kalom shu kunlarda ham yashnab turibdi. “Devonu lug‘otit-turk” yaratilganidan to‘rt yuz o‘ttiz yil o‘tib nufuzini boy bergan turkiy til istiqboli Alisher Navoiyni qayg‘uga soladi. “Muhokamat ul-lug‘atayn” ana shu dard hosilasi o‘laroq dunyoga kelgan. Hazrat “... turk shuarosikim, forsiy til bilarangin ash’or va shirin guftor zohir qilurlar. Ammo sort ulusining arzolidin ashrofig‘acha va omiysidin donishmandig‘acha hech qaysi turk tili bila takallum qila olmaslar va takallum qilg‘onning ma’nisin ham bilmaslar” deya mutaassir bo‘ladi. Navoiy turkiyda so‘zlarning ko‘pma’noli ekanini o‘nlab kalima misolida ko‘rsatib o‘tgan. Navoiydan to‘rt yuz yigirma yil keyin Abdurauf Fitrat ichki bir dard bilan tilimizni asraylik, deya qator maqola va tadqiqotlar bitdi. Professor Fitrat ham tilning boyligi u tildagi so‘zning ko‘pligi, so‘z yasalishi va til grammatik qoidalarining mukammalligida deb ta’kidlaydi. “Muhokamat ul-lug‘atayn” haqida gapirib, “Navoiyning kitobi turkchaning boylig‘ini ochibg‘ina bildira olmasa ham, turkchada so‘z ko‘bligini u yaxshi biladir” deydi.

Navoiy va Fitrat so‘zi ko‘p tilni boy va go‘zal degan ekan, xo‘sh, biz-chi? Tilga munosabat bobida mezonlarimiz o‘sha-o‘shami yoki...

Endi shu haqda gaplashsak.

Biz katta bir xalq o‘laroq yuz yilda Izohli lug‘atimizni ikki marta – 1981, 2006-yillarda nashr etdik. “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalining 1972-yil 6-sonida Zokir Ma’rufov, Gennadiy Mixaylovning “O‘zbek sovet leksikografiyasi” degan maqolasi chop etilgan. Unda shunday bir xatboshi bor.

Ko‘chirma:

“O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining lug‘at sektori xodimlari SSSR tashkil etilgan kunning 50 yilligi nishonlanayotgan shonli yubiley kunlarida o‘zining 10 yildan ortiq qilgan samarali mehnatini yakunladi – o‘zbek xalqi tarixida birinchi “O‘zbek tili izohli lug‘ati” ustida olib borayotgan ishini nihoyasiga yetkazdi. Hayot o‘zbek tili leksik boyligin jamlab ko‘rsatadigan, o‘zbek tilidagi so‘zlarning ma’no nozikliklarini ochib beradigan, tilimizning boy frazeologiyasini, maqol, matal va idiomatik iboralarini keng namoyish qiladigan, o‘zbek adabiy tili normalarini belgilab beradigan tilimizning izohli lug‘ati bo‘lishligini taqozo qilar edi. Ana shunday lug‘at yaratildi”.

“O‘zbek tili izohli lug‘ati”ining tayyor bo‘lgandan keyin ham salkam o‘n yil nashr etilmasdan qolib ketgani-yu, yuqoridagi xatboshining tahrirtalabligiga to‘xtalsak, fikrdan chalg‘iymiz. Izohli lug‘atimizning ilkinchi bosmasida 60 ming so‘z bo‘lsa, ikkinchi nashrda bu miqdor 80 ming deb ko‘rsatilgan. Dastlabki nashr so‘zboshisida ushbu izohli lug‘at qirq ming so‘zlik “O‘zbekcha-ruscha lug‘at” asosida shakllantirilgani ta’kidlanadi. Nazarimda, adashish xuddi mana shu nuqtadan boshlangan. Ya’ni, lug‘atning chegaralari va manbalari xato tanlangan. Tuzuvchilar shu kabi mulohazalarga oldindan javob tayyorlab qo‘ygan. So‘zboshida o‘qiymiz.

Ko‘chirma:

“Biroq bu tipdagi lug‘atlarni tuzish juda katta kollektivning yoki bir necha avlodning mehnatini talab qiladigan uzoq yillik og‘ir ishdir. Bunga rus tilining thesaurus (xazina) g‘oyasiga asoslangan va nihoyasiga yetkazilmay qolgan “Словарь русского языка” nomli akademik lug‘ati (1891–1907) tajribasi misol bo‘la oladi”.

Xullas, o‘zbek tili shu tariqa turli tarixiy davrlarga bo‘lib yuboriladi. Bir xato ikkinchi bir xatoni yetaklab keladi.

Ko‘chirma:

“O‘zbek tilining ushbu Izohli lug‘ati keng xronologik doirada o‘zbek tilining barcha so‘z boyligini emas, balki Ulug‘ Oktabr sotsialistik revolyutsiyasidan keyingi davrda chinakam rivoj topgan hozirgi zamon o‘zbek tilining keng iste’moldagi so‘z boyligini to‘plash va tavsiflash vazifasini qo‘yadi”.

Lug‘atning 2006-yildagi nashriga yozilgan so‘zboshida “O‘zbek tilining ushbu izohli lug‘ati keng xronologik doirada o‘zbek tilining butun so‘z boyligini emas, balki hozirgi zamon o‘zbek tilining keng iste’moldagi so‘z boyligini to‘plash va tavsiflashni o‘ziga maqsad qilib qo‘yadi” deyilgan. Menimcha, maqsadning noto‘g‘riligi eski uslubni tanlashga majbur qilgan. To‘g‘ri, bitta farq bor – “Ulug‘ Oktabr sotsialistik revolyutsiyasi” degan so‘zlar tushirib qoldirilgan.

Ming-ming yillik tariximiz bor, tilimiz va madaniyatimiz boy deb ko‘krakka uramiz, ammo “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning “Ye” harfida 122 ta so‘z berilgan. “Yo”, “J”, “Z” “Ya”, “O‘”, “G‘” harfiga topilgan so‘zlarning bori shumi? “F” harfi asosan xorijiy so‘zlar hisobiga shakllanganini qanday izohlash mumkin?!

Muhtaram tilchilarimiz muqovasi qon rangida ishlangan ilk Izohli lug‘atni Hamza Hakimzoda Niyoziydan boshlamasdan, ko‘zday qo‘shni – Tojikiston tilshunoslari tayyorlagan, 1969-yilda Moskvada bosilgan “Farhangi zaboni tojiki” kitobidan andaza olsa bo‘lmasmi edi? Bizda ona tilimiz lug‘ati ham “1917-yilgi buyuk inqilob” beshigidan tushgan.

Men bir jurnalist sifatida tojik tilining X asrdan XX asrning boshigacha bo‘lgan davrini qamrab olgan 45.000 so‘zlik “Farhang”ni bir qur varaqladim. Hamsoya tilchilarga tan. Adabiyot, san’at, ma’naviyat va madaniyatni saqlab qolish va kelajak avlodlarga o‘tkazishning to‘g‘ri va oqilona yechimini topgan. Yashil tusli “Farhang” muqovasidan tortib har bir so‘z kiril va arab imlosida berilgan. Tojik tilchilari bir o‘q bilan ikki quyonni urgan. O‘quvchi ko‘zini so‘zning asl yozilishi – nasta’liqqa, demakki, katta bir ma’naviy xazina bitilgan arab alifbosiga o‘rgatgan. Ana shuning ta’siri bo‘lsa kerak, tojik ziyolilari orasida fors adabiyoti namunalarini yaxshi biladigan, tahlil qila oladiganlar ko‘p. Shu haqda gap ketsa, hamkasbim, shoir Alisher Narzullaning “Xo‘jand o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetida o‘qib yurganimizda biz o‘zbekcha saboq oladigan talabalar Rauf Parfi, Shavkat Rahmondan she’r o‘qisak, tojik filologiyasidagi do‘stlarimiz Sa’diy, Hofizdan baytlar aytib, aruz va she’riy san’atlardan bahs qilib ketardi...” degan gapi yodimga tushadi.

Mana sizga lug‘atning chin ma’noda oltin ko‘prikligi!

Bu an’ana bizda ham bor edi. P.Shamsiyev, S.Ibrohimov tayyorlagan, akademik shoir G‘afur G‘ulom tahriri ostida 1953-yilda chop qilingan “O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at”da har bir so‘z asl holati – arabiy bitik ila ko‘rsatib o‘tilgan edi. Bu usul Alisher Navoiy asarlarining o‘n besh tomligiga ilova sifatida 1972-yilda nashr etilgan “Navoiy asarlari lug‘ati”da ham qo‘llanilgan. Taassufki, 1983-yilda chop qilingan to‘rt jildlik “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”da voz kechilgan. Shu o‘rinda bir gap: “Navoiy asarlari lug‘ati”ning 1972-yildagi nashri muqaddimasida Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan shoir ijodining til xususiyatlari o‘rganila boshlagani, mukammal izohli lug‘at tuzishga kirishilgani aytiladi. Ilmiy guruh boshliqlaridan Sobirjon Ibrohimovning (Alloh rahmat qilsin!) ta’kidicha, ishchi guruh “Chil hadis”, “Nazmul javohir” va “Devoni Foniy”dan boshqa hamma asarlarini qarab chiqib, tanlab olish yo‘li bilan 200.000 ga yaqin so‘zni va shu so‘z ishlatilgan baytlarni kartochkalarga ko‘chirib chiqadi. Ushbu bemisl xazina so‘z mulkining sultoni salaflari – Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy tilidan yiroq ketmaganini, Movarounnahr va Xurosondagi o‘nlab turkiy urug‘lar lahjalaridagi so‘zlardan keng istifoda etganini tasdiqlaydi. “Devonul lug‘otit-turk”ni nashrga tayyorlagan S.Mutallibov Koshg‘ariy keltirgan so‘zlarni Navoiy qanday ishlatganini qayd etib o‘tadi. Adabiyotshunos Ergash Umarov “Guliston” jurnalining 1991-yil 12-sonida chop etilgan “Dashtlardadur Majnun izlari” maqolasida “Layli va Majnun” dostonida Surxondaryo, Qashqadaryo tabiati, urf-odati, so‘zlari aks etganini dalillaydi.

Ulug‘ mutafakkir asarlarining nisbatan mukammal lug‘ati 2013-yilda Ergash Fozilov tomonidan nashr etildi. Noshirlarning e’tiborsizligidan kitobni o‘qish bir mashaqqat bo‘lsa, juda kam nusxada chiqqanini ko‘rib, “E, rostdanam bu lug‘at degani olimdan boshqa hech kimga kerak emas ekan-da”, deyishingiz aniq. Xulosa chiqarishga shoshilmang. Lug‘at qadrlangan davlatlar va davrlar hamisha bo‘lgan. 1945-yil Turkiyada 15.000 so‘zdan iborat “Turkcha so‘zlik” ilk bor nashr etiladi va bu an’ana tusini olib, har besh-o‘n yilda to‘ldirilgan holda bosilmoqda. So‘zlikning 1998-yildagi to‘qqizinchi nashri 75.000 ga yaqin so‘zni o‘zida jamlagan bo‘lsa, “Turk Til Kurumi” shafeligidagi 2011-yilgi o‘n birinchi nashrida esa 111 mingdan ziyod so‘zga izoh berilgan. Rus tilchilari ham muntazam yangilanib, boyib boradigan jarayonga aslo befarq qarayotgani yo‘q. 2004-yilda nashr etilgan ko‘p jildli “Большой академический словарь русского языка” kitobining  so‘zboshisida lug‘at 150.000 dan ziyod so‘zni qamrab olgani ta’kidlangan. Lug‘at tuzuvchilar bugungi rus o‘quvchisi Pushkin ijodidan boxabar bo‘lishi uchun so‘zlarni buyuk shoir davridan boshlab tergan. Yana bir dalil. Mumtoz adabiyot muhiblari qo‘ldan qo‘ymaydigan bir manba bor. Bu – “G‘iyos-ul-lug‘ot”. Navoiydan uch yuz yil keyin yashab o‘tgan Muhammad G‘iyosuddin o‘n to‘rt yil zahmat chekib, nihoyat 1827-yilda yakunlagan mazkur lug‘atda o‘n yetti yarim mingdan ziyodroq so‘z bor. Dushanbedagi “Adib” nashriyoti ushbu uch jildlik lug‘atni 1987-yilda 15.000 nusxada chop etgan.

1991-yilda Anqarada nashr etilgan ikki jildlik “Turk lahjalari so‘zligi”da turkiya turkchasida eng ko‘p qo‘llaniladigan 7000 ta so‘zning ozarbayjon, boshqird, qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, tatar, turkman, uyg‘ur, turkcha va ruschada aytilishi solishtirilgan. Tavba, nega bizda shunday lug‘at yo‘q. Axir bu kabi so‘zliklar yaqin-yiroq turkiylarni jipslashtirishdan tashqari, unutilgan tarixni tiklaydi-ku!

Xulosa shu: Hukumat rahbarligida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni mutlaqo yangicha mezonlar asosida tuzish lozim. U haqiqiy ma’noda ona tilimizning boyligini namoyon eta olsin. Yangi lug‘at Mahmud Koshg‘ariy zamonidan bizning kunlargacha bo‘lgan davrni to‘la qamrab olishi shart. U uch manbaga – “Devonu lug‘otit-turk”, E.Fozilov tuzgan “Alisher Navoiy asarlari lug‘ati” va tamomila qayta tayyorlanadigan “O‘zbek xalq shevalari lug‘ati”ga asoslanishi kerak. Bu ulkan va murakkab ishni birgina Til va adabiyot instituti zimmasiga yuklash to‘g‘ri emas. Respublikamizda salkam o‘n mingta maktab, har bir maktabda ikki-uch nafardan ona tili va adabiyot muallimi bor. Xalq ta’limi vazirligi juda ko‘p tashabbus ko‘rsatib kelayotganini bilamiz. Vazirlik bu gal “Har bir o‘zbek maktabidagi tilchilar o‘z qishlog‘i, mahalla va ovuliga xos so‘zlarni yig‘sin” deya tashabbus bilan chiqsa. Bu tashabbusni respublikamizning deyarli har bir viloyatida ochilgan ijod maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari ham qo‘llab-quvvatlasa...

Bugungi olatasir zamonda – globallashuv dunyoni o‘rgimchak to‘riday o‘rab olgan bir davrda qudratli ma’naviy qalqon va yarog‘imiz shubhasiz, ona tilimiz bo‘ladi.

 

Olim TOSHBOYEV

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2019-yil 3-son.

Tiriklay ko‘milgan so‘zlar” maqolasi

Ma'rifat Ziyo platformasi

BARCHA ZIYOLILARNI BIRLASHTIRIB TURUVCHI TAFAKKUR KO‘PRIGIDIR