Ko'p yillik tajriba

Bahodir Karimov

Filologiya fanlari doktori
  • 0 Maqolalar
  • 0 Treninglar
  • 0 Kitoblar

O'qituvchi haqida

Bahodir Karimov Filologiya fanlari doktori 

1966-yil 7-fevralda Turkmaniston Respublikasi Toshhovuz viloyati, Toza-yormish qishlogʻida tugʻilgan.
|1986-yilda ToshDU (hozirgi OʻzMU) oʻzbek filologiyasi fakultetiga oʻqishga qabul qilindi va uni 1991-yili imtiyozli diplom bilan bitirdi.
1991–1994-yillarda shu universitet aspiranti, 1996–1999 yillarda shu universitet doktoranti boʻlgan.
1994–1996-yillarda oʻzbek filologiyasi fakulteti “Hozirgi oʻzbek adabiyoti” kafedrasida XX asr oʻzbek adabiyoti tarixi, oʻzbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligi tarixi fanlari boʻyicha maʼruzalar oʻqigan; shuningdek, dekanning ilmiy ishlar boʻyicha muovini, soʻngra oʻquv ishlari boʻyicha dekan muovini vazifalarida ishladi.
1995-yil - iyunda OʻzFA  Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti qoshidagi Ixtisoslashgan kengashda “Vadud Mahmudning 20-yillar adabiy tanqidchiligidagi oʻrni” mavzusida nomzodlik (ilmiy rahbari – akademik Baxtiyor Nazarov) dissertatsiyasini himoya qildi. Munaqqid Vadud Mahmudning adabiy-ilmiy faoliyatini batafsil yoritdi. Shu ilmiy tadqiqotning amaliy tatbiqi oʻlaroq ushbu munaqqid faoliyatini oʻrganish oliy oʻquv yurtlari oʻquv dasturlaridan oʻrin oldi.
2002-yil 26-iyunda “XX asr oʻzbek adabiyotshunosligida talqin muammosi” (qodiriyshunoslik misolida) mavzusida doktorlik (ilmiy maslahatchi – professor Umarali Normatov) dissertatsiyasini himoya qildi. Dissertatsiyada tushunish, tushuntirish, talqin, tahlil, tanqid masalalari qodiriyshunoslik misolida tekshirildi. B. Karimov tadqiqotida jahon adabiyotshunosligidagi ilgʻor tadqiqot metodlaridan, jumladan, germenevtika – talqin nazariyasidan unumli foydalandi. Tadqiqot ilmiy jamoatchilikda oʻziga xos yangicha yoʻnalishi bilan juda yaxshi taassurot qoldirdi.
2003-yil yanvaridan 2006-yil yanvariga qadar Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti dekani vazifasida ishladi. 1999-yil noyabridan 2016-yil avgustigacha shu universitetning “Oʻzbek adabiyotshunosligi va adabiy aloqalar” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi.
Hozir B. Karimov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti “Adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon” kafedrasi mudiri.
B. Karimov 2003–2006-yillarda OʻzMU qoshidagi filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun disssertatsiyalar himoyasi boʻyicha Ixtisoslashgan Kengash raisi sifatida faoliyat koʻrsatdi.
2001–2008-yillarda OʻzMU qoshida Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Oliy adabiyot kursining oʻquv jarayonini boshqardi. Respublika markaziy-ilmiy nashrlarida chop etilgan 200 ga yaqin maqolalari, ulardagi yangicha talqinlar B. Karimovning ilmiy salohiyatini, maʼnaviyat va maʼrifatga munosabatini koʻrsatadi. Shuningdek, Turkiya, Germaniya, AQSH, Turkmaniston, Ozarbayjon, Ukrainada ham maqolalari bosilgan.
Bahodir Karimov “Jadid munaqqidi Vadud Mahmud” (1999), “Qodiriy qadri” (2003), “Yangilanish sogʻinchi” (2004), “Choʻlpon va tanqid” (2004. matnlar), “Abdulla Qodiriy: tanqid, tahlil va talqin” (2006), “Adabiyotshunoslik metodologiyasi” (2012), “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur” (2014), “Qodiriy nasri – nafosat qasri” (2014 “Oʻzbekiston”), “Ruhiyat alifbosi” (2016. Gʻafur Gʻulom nashriyoti) kabi ilmiy kitoblar muallifi.
Bahodir Karimov “Xalq taʼlimi aʼlochisi” ko‘krak nishoni sohibi.

 

Ma'rifat Ziyo platformasi

BARCHA ZIYOLILARNI BIRLASHTIRIB TURUVCHI TAFAKKUR KO‘PRIGIDIR