O'qituvchi haqida
Minhojiddin Mirzo Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator
1965-yilning 30-iyulida Andijon shahrida tugʻil. U hozirgi Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Hozirgi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida, “Sharq yulduzi” jurnalida turli vazifalarda ishladi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi rahbari, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri lavozimlarida xizmat qildi. 2014-yildan jamoatchilik asosida Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalar doʻstlik jamiyatlari kengashi raisi hamda “Guliston” jurnali bosh muharriri sifatida faoliyat yuritadi.
Minhojiddin Mirzo oʻquvchilik paytlaridan mahalliy matbuot nashrlari, shuningdek, Oʻzbekiston radiosining “Kelajak tongi” dasturi hamda “Tong yulduzi” gazetasida, talabalik yillarida esa “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Yosh kuch” jurnallari, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Turkiston” gazetalarida oʻz sheʼrlari, dolzarb mavzudagi publitsistik chiqishlari, hajviy asarlari bilan faol ishtirok etib keldi.
Shoirning “Nilufar”, “Visol xabari”, “Yulduzim”, “Koʻnglim kurtaklari”, “Gullash payti keldi, bogʻlarim” sheʼriy toʻplamlari, “Saodatga eltuvchi qudratli kuch” esselar toʻplami chop etildi. Boborahim Mashrabga bagʻishlangan “Qaygʻu guli”, Amir Temur siyratiga doir “Sohibqiron yogʻdusi”, Bobur haqidagi “Sogʻinch saltanati” dostonlari nashr etildi.
Minhojiddin Mirzo tarjimon sifatida A. Pushkin, R. Hamzatov, S. Shʼʼipachev sheʼrlarini ona tilimizga oʻgirdi. Shuningdek, oʻzining bir qancha sheʼrlari ham tojik, ingliz, koreys tillariga tarjima qilindi.
Minhojiddin Mirzo 1999-yili “Shuhrat” medali, 2002-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.