O'qituvchi haqida
Xurshid Doʻstmuhammad filologiya fanlari doktori, yozuvchi va olim
1951-yil Toshkentda tugʻildi. ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida oʻqidi. Mehnat faoliyatini Oʻzbekiston “Fan” nashriyotida boshladi. “Fan va turmush” jurnalida, “Qishloq hayoti” gazetasida ishladi. 1986-yildan “Yosh kuch” jurnalida boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari, bosh muharrir, “Hurriyat” gazetasida bosh muharrir, “Oʻzbekiston matbuoti” jurnalida bosh muharrir, Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratlash va qoʻllab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamgʻarmasida hamrais sifatida faoliyat koʻrsatdi. Hozirda filologiya fanlari doktori Xurshid Doʻstmuhammad Oʻzbekiston Jahon tillari universitetida kafedra mudiri lavozimida ishlamoqda.
Adibning dastlabki hikoyasi 1981-yilda “Guliston” jurnalida, “Nigoh” nomli birinchi qissasi esa 1987-yil “Yoshlik” jurnalida eʼlon qilindi. “Hovli etagidagi uy” nomli birinchi kitobi 1989-yil nashr etildi. Shundan soʻng uning “Panoh”, “Oromkursi”, “Soʻroq”, “Sof oʻzbekcha qotillik” qissalari, “Bozor” romani va oʻnlab hikoyalari chop etildi. Adibning “Qazo boʻlgan namoz” (1996), “Ozod iztirob quvonchlari” (2000), “Hamid Aʼlamovning aytolmagan gaplari” (2002), “Beozor qushning qargʻishi” (2005), “Qissalar” (2011) kitoblariga turli janrdagi asarlari jamlangan. Adib “Bozor” romani, “Hijronim mingdir mening” va “Ozod iztirob quvonchlari” kitoblari uchun 2000-yilning “Eng yaxshi yozuvchisi” yoʻnalishi boʻyicha “Ofarin” mukofotiga sazovor boʻldi. “Chayongul” badiiy filmi (2000) tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. “Jimjitxonaga yoʻl”, “Nusxakashning merosxoʻri”, “Jim oʻtirgan odam” va “Qichqiriq” hikoyalari adibning keyingi yillar ijodida yangi sahifa ochdi.
Tarjimon sifatida yapon adibi Akutagava Ryunoskening “Rasyomon darvozasi” hikoyasini, Temur Poʻlatovning “Yetti huzur-halovat va qirq qaygʻu-alam” romanini oʻzbekchaga oʻgirdi. Shuningdek, Ignasio Aldekoa, Ales Juk, Boris Sachenko, Andrius Riuk asarlarini tarjima qildi.
Xurshid Doʻstmuhammad 1997-yilda “Shuhrat” medali 2007-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan. Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor boʻldi.