Kun xabari

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonining tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonining topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda eng munosib ko‘rilgan 62 nafar nomzodga “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.

Tadbirda mamlakatimizda ma’naviyat-ma’rifat sohasida faoliyat olib borayotgan olimlar, ziyolilar va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari ishtirok etdi.

Dastlab, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo tadbirni ochib berib, “O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi” munosabati bilan barchani tabrikladi.

— Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, sohada olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish borasida alohida tizim yaratildi. Barchangizga ma’lum, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qaroriga muvofiq yurtimizda yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish, aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashda fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolarni «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash yo‘lga qo‘yilgan. Bugun ma’naviyatimizning ana shunday fidoyi insonlarining mehnati e’tirof etilmoqda, dedi Minhojiddin Mirzo.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni sohiblarini tabriklab, keyingi faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladi. Tadbir davomida madaniyat va san’at sohasi vakillarining chiqishlari ham namoyish etildi.

 

Ma'rifat Ziyo platformasi

BARCHA ZIYOLILARNI BIRLASHTIRIB TURUVCHI TAFAKKUR KO‘PRIGIDIR